Oliy Majlis Senati yangiliklari

<< Yangiliklar |                                                                

2008 yil 6 dekabr

Oliy Majlis Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

5 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi. Parlament yuqori palatasi a’zolari yalpi majlisning ikkinchi kunini mamlakatimizning xalqaro hamkorligiga taalluqli bir qator huquqiy hujjatlarni ko‘rib chiqishdan boshladilar.

«O‘zbekiston Respublikasining Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro paktga doir, o‘lim jazosini bekor qilishga qaratilgan Ikkinchi fakultativ Protokolga (Nyu-York, 1989 yil 15 dekabr) qo‘shilishi haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni shular jumlasidandir.

Qonunni muhokama qilish asnosida ta’kidlandiki, mamlakatimizda sud-huquq tizimini liberallashtirish, shu jumladan, jinoiy jazolar tizimini liberallashtirish yuzasidan o‘tkazilayotgan teran va tizimli islohotlar, shuningdek, ishni sudda ko‘rish protsessida inson huquqlari va erkinliklari davlat tomonidan himoya qilinishini ta’minlashga doir chora-tadbirlar, qamoqqa olishga sanksiya berish huquqining sudlarga o‘tkazilishi va shu singari ishlar mamlakatni demokratik yangilash hamda modernizatsiyalash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov rahbarligi ostida amalga oshirilayotgan ko‘lamdor ishlarning muhim tarkibiy qismidir.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekistonda o‘lim jazosini bekor qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari qabul qilinganligi mamlakatimizda va umuman butun dunyoda alohida e’tiborga noil bo‘ldi. Sud-huquq tizimi inson huquqlariga, uning manfaatlari va erkinliklariga rioya etilishining ishonchli kafolatiga aylanib bormoqda.

Majlisda qayd etib o‘tilganidek, jinoyat, jinoyat-protsessual qonun hujjatlari, o‘lim jazosi bekor qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston qabul qilgan qonunlar bu sohadagi umume’tirof etilgan xalqaro-huquqiy normalarga batamom mos va muvofiqdir. Shu munosabat bilan Ikkinchi fakultativ Protokolga qo‘shilish mamlakatimizning sud-huquq tizimida inson huquqlari va erkinliklari puxta hamda ishonchli himoya qilinishini ta’minlovchi samarali huquqiy mexanizmlarni yaratishga qaratilgan yo‘li o‘zgarmas ekanligining yana bir karra tasdig‘idir.

«O‘zbekiston Respublikasining Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyaga doir, bolalarning qurolli mojarolarda ishtirokiga taalluqli Fakultativ protokolga (Nyu-York, 2000 yil 25 may) qo‘shilishi haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham senatorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Bunda ushbu Fakultativ protokolning asosiy maqsadi 18 yoshga to‘lmagan bolalarni qurolli mojarolarda ishtirok etishdan asrashdan hamda davlat ichida va uning sarhadlaridan tashqarida olib borilayotgan harbiy harakatlarga jalb etish maqsadida bolalarni yollaganlik, tayyorgarlikdan o‘tkazganlik va ulardan foydalanganlik uchun javobgarlik muqarrarligini belgilashdan iborat ekanligi alohida ta’kidlab o‘tildi. Majlisda so‘zga chiqqan senatorlar shuni qayd etdilarki, O‘zbekistonda bolalarning huquqlarini himoya qilish, ularni jinoiy faoliyatga jalb etilishiga qarshi kurashishning yaxlit tizimi barpo etilgan. Mazkur xalqaro-huquqiy hujjatga qo‘shilish bu sohada olib borilayotgan, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari hamda normalariga tamomila monand bo‘lgan qonunchilik ishlari va huquqni qo‘llanish amaliyoti samaradorligini oshirishga yordam beradi.

«O‘zbekiston Respublikasining Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyaga doir, bolalar savdosi, bolalar fohishabozligi va bolalar pornografiyasiga taalluqli Fakultativ protokolga (Nyu-York, 2000 yil 25 may) qo‘shilishi haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham Senat tomonidan ma’qullandi.

Mazkur Fakultativ protokol bolalar savdosi, bolalar fohishabozligi va bolalar pornografiyasi amaliyotidan bolalarni himoyalash kafolatlarini ta’minlashga, bolaning sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi yoki ta’lim olishiga monelik qilishi yoxud uning salomatligiga, jismoniy, aqliy, ma’naviy, axloqiy va ijtimoiy kamol topishiga zarar-zahmat yetkazishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy ekspluatatsiyadan hamda har qanday ishni bajarishdan himoya qilishga qaratilgan. Majlis ishtirokchilari tomonidan ta’kidlanganidek, keyingi yillarda O‘zbekistonda shu sohaga oid «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi, «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunlar va boshqa qonun hujjatlari qabul qilindi. Shunisi ham borki, bola huquqlari hamda manfaatlariga qarshi qaratilgan, Fakultativ protokolda qayd etilgan g‘ayrihuquqiy xatti-harakatlar O‘zbekistonning qonun hujjatlarida jinoyat sifatida qaraladi, binobarin bunday qilmishni sodir etganlik uchun qattiq jinoiy jazolar nazarda tutiladi. Huquqni qo‘llanish amaliyoti ham mazkur xalqaro-huquqiy hujjat talablariga javob beradi. Ana shu Fakultativ protokolga qo‘shilish O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining bu sohadagi ishlari samaradorligini oshirish, xalqaro hamkorligini rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratadi.

Senatorlar «Ishlatib bo‘lingan yoqilg‘i bilan muomalada bo‘lish xavfsizligi to‘g‘risidagi va radioaktiv chiqindilar bilan muomalada bo‘lish xavfsizligi haqidagi Birlashgan Konvensiyaga (Vena, 1997 yil 5 sentabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qilar ekanlar, ushbu Konvensiya butun jahonda ishlatib bo‘lingan yoqilg‘i va radioaktiv chiqindilar muomalasi xavfsizligining yuqori darajasiga milliy chora-tadbirlarni va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘li bilan, shu jumladan, tegishli hollarda xavfsizlik sohasida texnikaviy hamkorlik qilish yo‘li bilan erishishga qaratilganligi tufayli ham mamlakatimizning milliy manfaatlariga to‘la-to‘kis javob beradi deb aytdilar. O‘zbekistonda fuqarolarni, atrof-muhitni ionli nurlanishning zararli ta’siridan muhofaza qilish hamda radiologik oqibatlarga olib keluvchi halokatlarning oldini olish yuzasidan sobitqadam ish olib borilmoqda.

Mazkur Konvensiyaga qo‘shilish bu sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratib beradiki, bu yo‘nalishdagi hamkorlikni rivojlantirish, shu jumladan, Xalqaro atom energiyasi agentligi bilan hamkorlik qilish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shu munosabat bilan Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin senatorlar «Bolgariya Respublikasi va Ruminiyaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi, bir tomondan, Yevropa Hamjamiyatlari hamda ularga a’zo-davlatlar, ikkinchi tomondan, o‘rtasida sheriklik ta’sis etuvchi Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida Bitimga Bayonnomani (Bryussel, 2008 yil 20 may) ratifikatsiya qilish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar.

Muhokama va fikrlashuvlar asnosida senatorlar shuni alohida qayd etdilarki, O‘zbekiston, bir tomondan, va, Yevropa Hamjamiyatlari, ikkinchi tomondan, o‘rtasida 1996 yil 21 iyunda imzolangan Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning asosiy maqsadi Bitim taraflari o‘zaro keng ko‘lamda siyosiy muloqotni amalga oshirishi uchun hadlar yaratish, savdo-iqtisodiy sherikchilikni, shuningdek, qonunchilik, ilmiy-texnika va madaniy hamda insonparvarlik sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashishdan iborat.

Protokol Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning ajralmas qismi bo‘lib, mazkur Bitimning Yevropa Ittifoqi tarkibiga qo‘shilgan ikki yangi davlatga nisbatan qo‘llanilishini kengaytirib, Bolgariya Respublikasi hamda Ruminiyaning Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim taraflari qatoridan o‘rin olganligini yuridik jihatdan rasmiylashtiradi. Protokolning ratifikatsiya qilinishi hamkorlikning barcha sohalarida O‘zbekistonning bu ikki mamlakat bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama munosabatlarini yanada chuqurlashtirish imkonini beradi.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi tarkibiga o‘zgartishlar kiritish haqidagi, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi, Isroil Davlatidagi, Qozog‘iston Respublikasidagi, Hindiston Respublikasidagi, Saudiya Arabistoni Podshohligidagi diplomatik vakolatxonalari boshliqlarini tayinlash to‘g‘risidagi masalalarni ham ko‘rib chiqdilar. Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati vakolatiga taalluqli boshqa dolzarb masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini tamomladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining o‘n olti yilligi arafasida o‘tkazilgan Senat yalpi majlisining ikki kunlik ishi mobaynida 24 ta masala ko‘rib chiqildi.

Mazkur yalpi majlisda ma’qullangan qonunlar va parlament yuqori palatasi tomonidan qabul qilingan boshqa qarorlar, senatorlarning fikricha, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy hayotida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligi ostida amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarning yanada teranlik kasb etishiga yordam beradi. Senatorlar yaqin oradagi eng muhim vazifa Senat tomonidan ma’qullangan qonunlar hamda qabul qilingan qarorlarning mohiyati va ahamiyatini mamlakatimiz aholisi keng qatlamlarining ongi va shuuriga yetkazish, tushuntirish ishlarini talab darajasida olib borishdan iborat degan fikr bildirdilar. Oliy Majlis Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisida ma’qullangan qonun hujjatlarini izchillik bilan amalga oshirish mamlakatimizning demokratik davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lidan ilgarilab borishiga, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari yanada to‘laroq ta’minlanishiga yordam berajagi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Matbuot xizmati
Xalq so`zi gazetasi, 2008 yil 6 dekabr, №237

© O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati - Sayt dizayni Abror Musahonov