Oliy Majlis Senati yangiliklari

<< Yangiliklar |                                                                

2008 yil 5 dekabr

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

4 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi ochildi.

Majlisda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, faoliyati o‘tkazilayotgan tadbir kun tartibiga kiritilgan masalalarga daxldor davlat organlarining rahbarlari hozir bo‘ldilar.

Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi I.Sobirov olib bordi.

Senatorlar o‘z ishlarini O‘zbekiston Respublikasining 2009 yilgi Davlat budjetini ko‘rib chiqishdan boshladilar. Uni muhokama qilish chog‘ida qayd etib o‘tildiki, 2009 yilgi soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari makroiqtisodiy barqarorlikni, Davlat budjetining daromad bazasini yanada mustahkamlash, soliqlar yig‘imi darajasini oshirish hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish, budjet xarajatlari o‘z vaqtida va to‘la-to‘kis amalga oshirilishini ta’minlash chora-tadbirlarini nazarda tutadi.

Senatorlar Davlat budjetining yuksak darajada ijtimoiy yo‘naltirilganligiga, xususan, fuqarolarning daromadlari izchillik bilan oshirib borilishiga, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimida, shuningdek, ijtimoiy muhofaza sohasida aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni yaxshilashga qaratilganligiga e’tiborni tortdilar. 2009 yilgi budjet siyosatining aholi daromadlari darajasini va turmush farovonligini oshirish borasidagi ustuvor yo‘nalishlaridan biri O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2007 yilda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlab 2007 yil 12 fevralda o‘tkazilgan majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan budjet sohasi xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va ijtimoiy nafaqalar miqdorini 2010 yilgacha 2,5 baravar oshirish yuzasidan qo‘yilgan vazifa bajarilishini ta’minlashdan iborat.

Umumta’lim maktablarini rivojlantirish, bolalar suv sportini rivojlantirishning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, kadrlar tayyorlash, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish, qishloq aholisini ichimlik suv va tabiiy gaz bilan ta’minlashni yaxshilashga qaratilgan maqsadli davlat dasturlarini amalga oshirish uchun zarur miqdorda mablag‘ ajratish nazarda tutilmoqda. Xususan, bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda ularning faoliyatini yanada yaxshilash, yoshlar milliy va jahon musiqiy hamda tasviriy san’atining yuksak namunalaridan yanada kengroq ko‘lamda bahramand bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida 2009 yildan boshlab musiqa va san’at maktablari qurilishiga, ularni rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlashga, shuningdek, ularni musiqa asboblari va maxsus inventarlar bilan jihozlashga Davlat budjetidan mablag‘ ajratish nazarda tutilmoqda.

Shu bilan bir qatorda melioratsiya tarmoqlarini rekonstruksiyalash, ta’mirlash va tozalashni, unumdorligi past yerlarda paxta yetishtirayotgan fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash choralarini nazarda tutadigan Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash dasturini amalga oshirish tadbirlarini moliyalashtirish hajmlarini ko‘paytirish rejalashtirilmoqda.

Sanoat mahsuloti ishlab chiqarish sohasidagi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda ularning jadal rivojlanishini rag‘batlantirish maqsadida ular uchun yagona soliq to‘lovining amaldagi tayanch stavkasini 8 foizdan 7 foizga tushirish taklif qilinmoqda. Shuningdek, faoliyatning ayrim turlarini amalga oshiruvchi yuridik shaxslardan hamda yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan jismoniy shaxslardan olinadigan qat’iy belgilangan soliq miqdorlarini kamaytirish mo‘ljallanmoqda.

Ushbu chora-tadbirlarning qabul qilinishi yangi ish joylari yaratilishiga, aholining ish bilan bandligi va turmush farovonligi oshishiga yordam beradi, yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchilar ko‘payishi hisobiga soliq solinadigan bazaning kengayishini kuchaytiradi.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasining 2009 yilgi Davlat budjetini ma’qulladilar.

Shundan so‘ng senatorlar loyihasi Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kiritilgan «Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Senatorlar ushbu Qonun parlament faoliyatini tashkil etishda siyosiy partiyalarning, mamlakatni demokratik yangilashda vakillik hokimiyati organlarining roli va ta’sirini yanada oshirishga qaratilganligini ta’kidladilar.

Xususan, siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi vakilligini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 77-moddasi birinchi qismining taklif qilinayotgan tahririda Qonunchilik palatasidagi deputatlik o‘rinlari sonini 120 tadan 150 taga yetkazish nazarda tutilmoqda. Shunisi ham borki, 135 nafar deputat hududiy saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida saylanadi.

Atrof muhitni muhofaza qilish, ekologik vaziyatni yaxshilash uchun kurashish, aholi sog‘lig‘ini muhofaza etish masalalari muhimligini e’tiborga olib, «O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida»gi Qonunning yangi tahrirdagi 1-moddasida O‘zbekiston ekologik harakatiga 15 ta deputatlik o‘rni berish nazarda tutilmoqda.

Saylov to‘g‘risidagi qonunlarga saylov tizimini yanada liberallashtirish va demokratlashtirishga qaratilgan boshqa bir qancha o‘zgartishlar ham kiritildi. Bu o‘zgartishlar, ta’kidlanganidek, jamiyat hayoti va davlat qurilishi bosqichma-bosqich demokratlashtirib borilayotganligining ifodasidir. Senatorlar Qonunni ma’qulladilar.

Shundan keyin «Amnistiya aktini qo‘llash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.

Uni muhokama qilish chog‘ida ushbu Qonun bilan belgilanayotgan tartibga ko‘ra ishni sudga qadar yuritish va jinoiy jazolarni ijro etish bosqichida amnistiya aktini qo‘llash sudlar tomonidan amalga oshirilishi qayd etib o‘tildi.

Shu munosabat bilan Qonun Jinoyat-protsessual kodeksga yangi, 63-bobni kiritmoqda. Jumladan, mazkur Kodeksga qo‘shilayotgan normaga muvofiq amnistiya akti asosida mahkumni asosiy jazodan va ijro etilmagan qo‘shimcha jazodan to‘liq yoki qisman ozod qilish yohud jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoning o‘talmagan qismini yengilroq jazo bilan almashtirish prokuror iltimosnomasiga binoan mahkum jazoni o‘tayotgan joydagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudining sudyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Yuqori palata a’zolari soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan qabul qilingan ikkita qonunni ham ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar. Bular “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi hamda “Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlaridir. Birinchi Qonunda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yetmish yettita moddasiga ularni yanada takomillashtirish, aniqlashtirish hamda yangi qabul qilingan qonun hujjatlariga muvofiqlashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Ikkinchi Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi ayrim qonunlarining normalari Soliq kodeksining hamda «O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining normalariga muvofiqlashtirilmoqda.

Senatorlar «Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ham ko‘rib chiqdilar. Qonunning maqsadi qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining tashkil etilishi, faoliyati hamda tugatilishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

«Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.

Qonunni muhokama qilish asnosida ta’kidlab o‘tilganidek, Oliy Majlis har ikkala palatasining Kengashlari tomonidan 2008 yil 3 iyulda «Nodavlat notijorat tashkilotlarini, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qo‘shma Qaror qabul qilindi. Ushbu Qarorga muvofiq Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘larni nodavlat notijorat tashkilotlariga taqsimlash masalalari ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolati sohasidan qonun chiqaruvchi hokimiyat oliy organi ixtiyoriga o‘tmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, shuningdek, Fond mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi tuzildi.

Ana shundan kelib chiqib, Qonunda «Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 12–14-moddalariga nodavlat notijorat tashkilotlariga davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalarini ajratish tartibi va shartlarini belgilaydigan vakolatli organga doir tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish mo‘ljallanmoqda. Mazkur Qonunning qabul qilinishi nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini yanada kuchaytirishga, bunday tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan budjet mablag‘larini taqsimlashda ochiq-oshkoralik va xalqchillik ta’minlanishiga xizmat qiladi.

Kun tartibiga muvofiq senatorlar «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Muhokama asnosida Qonunga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar sug‘urtalovchilarga qimmatli qog‘ozlar bozorida investitsiya vositachisi sifatida professional faoliyatni amalga oshirish huquqi berishni, shuningdek, maxsus vakolatli davlat organiga sug‘urtalovchining (sug‘urta brokerining) rahbariga va bosh buxgalteriga qo‘yiladigan malaka talablarini belgilash vakolati berishni ham nazarda tutishi aytib o‘tildi.

So‘ngra «Advokatura instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi va ma’qullandi. Qonunni muhokama qilish asnosida qayd etilganidek, u (Qonun) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida advokatura institutini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2008 yil 1 mayda qabul qilingan Farmonini amalga oshirish maqsadida qabul qilingan bo‘lib, shu yo‘nalishda, xususan, O‘zbekiston Advokatlar assotsiatsiyasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi tashkil etildi, malakali yuridik yordamdan erkin foydalanish imkoniyatini ta’minlashga qaratilgan boshqa qator choralar ko‘rildi.

Qonunda O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijroiya kodekslariga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, «Advokatura to‘g‘risida»gi hamda «Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Yangi normalar advokaturani halol, yuqori saviyali professional mutaxassislar bilan ta’minlaydigan samarali litsenziyalash tizimini yaratishni, jinoyat protsessida ayblov va himoya taraflarining protsessual huquqlari teng bo‘lishini ta’minlashni nazarda tutadi. Bu normalar mamlakatimizda advokatura instituti yanada rivojlanishiga, sud-huquq tizimini liberallashtirishga qaratilgan islohotlar chuqurlashtirilishiga xizmat qiladi.

Shundan keyin «Ijro ishi yuritish takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi.

Muhokamada so‘zga chiqqan senatorlar ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual, Xo‘jalik protsessual kodekslariga, Yer kodeksiga, boshqa bir qancha qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilayotganligiga urg‘u berdilar.

Kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar sud hujjatlari barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan og‘ishmay ijro etilishini ta’minlashga qaratilgan. Chunonchi, nomulkiy ruhdagi sud hujjatini qasddan ijro etmaganlik uchun, bank yoki boshqa kredit tashkilotining xodimi band solingan pul mablag‘lari (omonatlar) bilan bank operatsiyalarini amalga oshirganligi uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda, sud qarorlari ijro etilishi kafolatlarini kuchaytiruvchi boshqa choralar nazarda tutilmoqda. Bular esa demokratik huquqiy davlatni shakllantirishning muhim shartidir.

Shundan so‘ng senatorlar «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 18 va 19-moddalariga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Ta’kidlab o‘tildiki, ushbu Qonunning loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tash shart-sharoitlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2008 yil 20 noyabrda qabul qilingan Farmonini ijro etish yuzasidan ishlab chiqilgan. Ushbu Farmonga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini mamlakat Qurolli Kuchlaridagi muddatli harbiy xizmatga chaqirish bir yilda bir marta fevral–mart oylarida, belgilangan muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari zaxirasiga bo‘shatish mart–aprel oylarida amalga oshiriladi. Ko‘rib chiqilayotgan Qonun shu munosabat bilan «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 18 va 19-moddalariga tegishli o‘zgartishlarni kiritmoqda. Qonun mamlakat Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tash sharoitlarini, qo‘shinlarning jangovar va ijtimoiy-siyosiy tayyorgarligini hamda safarbarlik jihatdan shayligini yanada takomillashtirishga qaratilgan bo‘lib, harbiy, mudofaa qurilishida amalga oshirilayotgan islohotlarning uzviy davomi va ajralmas qismidir. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘n oltinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni tugadi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati
Xalq so`zi gazetasi, 2008 yil 5 dekabr, №236

© O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati - Sayt dizayni Abror Musahonov