Oliy Majlis Senati yangiliklari

<< Yangiliklar |                                                                

2008 yil 4 dekabr

Oliy Majlis Senatida -

Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi ochiladi.

Kecha, 3 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi I.Sobirov olib bordi.

Kengash a’zolari Oliy Majlis Senati Raisining o‘rinbosari F.Muhitdinovaning parlament yuqori palatasining o‘n oltinchi yalpi majlisiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlar haqidagi axborotini tinglab, ma’lumot uchun qabul qildilar.

Qo‘mitalarning raislari navbatdagi yalpi majlisda ko‘rib chiqish mo‘ljallanayotgan qonunlar yuzasidan xulosalar, boshqa masalalar bo‘yicha qarorlar tayyor ekanligi haqida axborot berdilar, majlis ishini tashkil etish yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.

Kengash majlisida Senatning bo‘lajak yalpi majlisida yigirmadan ortiq masalani, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining 2009 yilgi Davlat budjeti to‘g‘risidagi masalani, “Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Amnistiya aktini qo‘llash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Advokatura instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi, “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro huquqiy hujjatlarga qo‘shilishi to‘g‘risidagi bir qator masalalarni ko‘rib chiqish nazarda tutilayotganligi qayd etildi.

“O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi hamda “Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, shuningdek, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 18 va 19-moddalariga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari ham ko‘rib chiqiladi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Kengash ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qildi.

Shu kuni Senatning barcha oltita qo‘mitasida majlislar o‘tkazilib, ularda o‘n oltinchi yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan masalalar muhokama qilindi.

Majlislarda yuqori palataning bo‘lajak yalpi majlisi muhokamasiga kiritilayotgan O‘zbekiston Respublikasining 2009 yilgi Davlat budjeti mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan eng muhim ustuvor vazifalari asosida ishlab chiqilganligi hamda barqaror iqtisodiy o‘sishni, iqtisodiyot va uning ayrim tarmoqlari hamda mintaqalar makroiqtisodiy va moliyaviy mutanosibligini ta’minlashga qaratilganligi ta’kidlab o‘tildi.

Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zolari ham sud-huquq tizimidagi islohotlarning amnistiya aktini qo‘llash tartibini, ijro ishi yuritishni takomillashtirish hamda advokatura instituti samaradorligini oshirish bilan bog‘liq qismini chuqurlashtirishga, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini taqsimlash tartibini joriy etishga qaratilgan qonunlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi tarkibiga o‘zgartishlar kiritish haqidagi masalalarni ko‘rib chiqdilar.

Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasida senatorlar sug‘urtalovchilarga qimmatli qog‘ozlar bozorida investitsiya vositachisi sifatida professional faoliyatni amalga oshirish huquqini berish, shuningdek, soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish bilan bog‘liq qonunlarni ko‘rib chiqdilar.

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zolari tomonidan mamlakat Qurolli Kuchlarida muddatli xizmatni o‘tash sharoitlarini takomillashtirishni, qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining tashkil etilishi, faoliyati va tugatilishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni nazarda tutuvchi qonunlar ko‘rib chiqildi.

Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasining ayrim xalqaro huquqiy hujjatlarga qo‘shilishi haqidagi bir qancha qonunlar ko‘rib chiqildi. “O‘zbekiston Respublikasining Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro paktga doir, o‘lim jazosini bekor qilishga qaratilgan Ikkinchi fakultativ Protokolga (Nyu-York, 1989 yil 15 dekabr) qo‘shilishi haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyaga doir, bolalarning qurolli mojarolarda ishtirokiga taalluqli Fakultativ protokolga (Nyu-York, 2000 yil 25 may) qo‘shilishi haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyaga doir, bolalar savdosi, bolalar fohishabozligi va bolalar pornografiyasiga taalluqli Fakultativ protokolga (Nyu-York, 2000 yil 25 may) qo‘shilishi haqida”gi, “Ishlatib bo‘lingan yoqilg‘i bilan muomalada bo‘lish xavfsizligi to‘g‘risidagi va radioaktiv chiqindilar bilan muomalada bo‘lish xavfsizligi haqidagi Birlashgan Konvensiyaga (Vena, 1997 yil 5 sentabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari hamda boshqa bir qator qonunlarning ma’qullanishi mamlakatimiz insonparvarlik g‘oyalariga hamda bolalarni qurolli mojarolarda qatnashishdan muhofaza qilish sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, bolalar savdosi, bolalar fohishabozligi va bolalar pornografiyasiga qarshi kurashda huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish, shuningdek, radioaktiv chiqindilar bilan muomalada bo‘lish va ularni tashish sohasidagi xalqaro munosabatlarni tartibga solish yo‘liga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi deb qayd etildi. Senatorlar O‘zbekiston Respublikasining bir qator xorijiy mamlakatlardagi diplomatiya vakolatxonalari boshliqlarini tayinlash bilan bog‘liq masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.

Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari, Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitalarining a’zolari ham Senatning o‘n oltinchi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan masalalarni muhokama qildilar.

Majlislarda 2008 yilning o‘tgan davrida senatorlar amalga oshirgan ishlarning yakunlari ko‘rib chiqildi hamda Senat qo‘mitalari faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar qabul qilindi.

Muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Matbuot xizmati
Xalq so'zi gazetasi, 2008 yil 4 dekabr

© O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati - Sayt dizayni Abror Musahonov