Oliy Majlis Senati yangiliklari

<< Yangiliklar |                                                                

2008 yil 1 iyul

Oliy Majlis Senatining 14-yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

27–28 iyun kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi, unda parlament yuqori palatasining a’zolari Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga ma’qullash uchun yuborilgan bir turkum qonunlarni, shuningdek, kun tartibiga kiritilgan boshqa masalalarni ko‘rib chiqdilar.

Bular orasida mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan tayyorlangan, korrupsiyaga qarshi kurash yuzasidan qator qo‘shimcha chora-tadbirlarni, shu jumladan bu sohada xalqaro hamkorlik ta’min etilishini nazarda tutuvchi “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga (Nyu-York, 2003 yil 31 oktabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham bor. Muhokama asnosida ta’kidlanganidek, mazkur xalqaro-huquqiy hujjatga qo‘shilish O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish yo‘liga qat’iy tarafdor ekanligidan yorqin dalolat bo‘lib, samarali tarzda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashga, bu sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni mustahkamlashga yordam beradi.

Yalpi majlisda “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyasini (Nyu-York, 2000 yil 15 noyabr) to‘ldiruvchi Odam savdosining, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda unga chek qo‘yish va uning uchun jazolash haqidagi Protokolni ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham ko‘rib chiqildi va ma’qullandi. Senatorlar mamlakatimizning mazkur xalqaro hujjatga qo‘shilishi inson huquqlari va erkinliklarini, odamlarning qonuniy manfaatlarini ishonchli tarzda himoya etish yuzasidan yurtimizda tizimli asosda izchil ish olib borilayotganligidan dalolat beradi, deya qayd etdilar. Bu muhim xalqaro hujjatga qo‘shilish milliy qonun hujjatlarini, huquqni qo‘llanish amaliyotini yanada takomillashtirishga yordam beradi.

Kun tartibidagi masalalarning muhokamasi mobaynida senatorlar tomonidan ta’kidlab o‘tildiki, “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ishlab chiqilganligi va qabul qilinganligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy himoya yili” Davlat dasturini amalga oshirishga yo‘naltirilgan qonunchilik faoliyatining natijalaridan biri bo‘ldi.

Nogironlar huquqlarini ta’minlashning qo‘shimcha kafolatlarini o‘zida mujassam etgan, shuningdek, ularga berish mo‘ljallangan qo‘shimcha imtiyozlarni qonunchilik yo‘li bilan yanada mustahkamlaydigan mazkur Qonunning alohida ahamiyatga ega ekanligi va muhimligi ham aytildi. Mazkur huquqiy hujjat “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan bir qatorda nogiron bolalar ijtimoiy himoya qilinishini ta’minlashning huquqiy asoslarini mustahkamlamoqda.

Majlisda mamlakatimizning qimmatli qog‘ozlar bozorini yanada rivojlantirishga, ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalarini huquqiy muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan, shuningdek, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti standartlarining talablarini milliy qonun hujjatlariga singdirishni nazarda tutuvchi qonunlar, shuningdek, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini buzganligi uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 224-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham ko‘rib chiqildi.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2007 yilda davlat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalari tomonidan qonunlarning ijro etilishi holati to‘g‘risidagi axborotini tingladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga muvofiq 2006 yildan boshlab har yili bu masala Senat muhokamasiga kiritilmoqda.

Adliya vaziri o‘z ma’ruzasida ta’kidlab aytdiki, davlat hokimiyati organlari tomonidan ham markazda, ham joylarda qonunlarning samarali ijro etilishi, davlat organlari, muassasalar va tashkilotlar faoliyatida qonuniylik ta’minlanishi yuzasidan anchagina ishlar olib borilmoqda.

Ayni vaqtda 2007 yilda normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishi ustidan o‘tkazilgan monitoring qonun hujjatlari ijrosini nazorat etish borasida vazirlik va idoralarning faoliyatidagi, shu jumladan sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza qilish, bojxona va soliq yo‘li bilan tartibga solish sohasidagi jiddiy kamchiliklar, foydalanilmagan rezervlarni aniqlab berdi.

Bir qancha qonunlarning, shu jumladan energetika, uy-joy-kommunal xo‘jaligi singari tarmoqlardagi qonun hujjatlarining havola etuvchi normalari tegishli qonunosti normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmaganligi sababli to‘la-to‘kis ro‘yobga chiqarilmay qoldi.

O‘tkazilgan monitoring mobaynida ayrim idoraviy normativ hujjatlar ularni majburiy yo‘sinda ekspertizadan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibini buzgan tarzda qabul qilinganligi hollari aniqlandiki, ular huquqni qo‘llanish amaliyoti samaradorligiga nomatlub ta’sir etdi. Bir qancha mahalliy davlat hokimiyati organlarida qabul qilinayotgan qonun hujjatlarini turkumlashtirish va hisobga olish, qonun hujjatlari talablarini ijrochilarning e’tiboriga vaqtida yetkazish ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan, bu esa mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim masalalarini hal etishga salbiy ta’sir qildi.

Adliya vazirining ma’ruzasida, senatorlarning nutqlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning qabul qilingan qonunlarning ijro etilishi ustidan nazorat olib borishga mas’uliyatsizlik, sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqidagi, qonun ijodkorligi hamda huquqni qo‘llanish sohasida monitoring qilish ishlarini izchil asosda yo‘lga qo‘yishda muayyan tegishli organlar hamda tuzilmalarning javobgarligini oshirish zarurligi to‘g‘risidagi so‘zlari keltirib o‘tildi.

Shu munosabat bilan qayd etish joizki, davlatimiz rahbarining topshirig‘iga binoan Adliya vazirligi boshqa tegishli organlar bilan birgalikda qonunga rioya etishga behurmatlik, nopisandlik va mensimaslik bilan qaraganlik uchun huquqiy javobgarlikni kuchaytirish yuzasidan takliflar ishlab chiqmoqda. Negaki, qonunga hurmat, itoatkorlik, uni so‘zsiz ijro etish ta’minlangan sharoitdagina iqtisodiyot, gumanitar, ijtimoiy sohalarda mo‘ljallangan ko‘lamdor dasturlar hamda demokratik islohotlarni ro‘yobga chiqarish haqida gapirish mumkin.

Senat vakolatiga taalluqli masalalarni muhokama etish chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2007 yil yuzasidan hisobotini ko‘rib chiqishga alohida e’tibor berildi. Hisobot davrida mamlakatimiz moliyaviy nazoratining yuqori organi tomonidan o‘n ikkita ustuvor yo‘nalish bo‘yicha, xususan, umumiy, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limini rivojlantirishning maqsadli davlat dasturlarini amalga oshirish uchun Davlat budjeti ajratmalari sarfiyotini o‘rganish, davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘laridan foydalanish samaradorligini tahlil etish, shuningdek, mamlakatimizning shahar tashkil etuvchi sanoat korxonalari tomonidan valuta mablag‘laridan tejamkorlik bilan foydalanilishi ustidan nazorat olib borish singari yo‘nalishlar bo‘yicha nazorat tadbirlari amalga oshirildi. Shu bilan birga, mahalliy budjetlar daromadlarini ko‘paytirish rezervlari, budjet mablag‘laridan belgilangan maqsadda va samarali foydalanilishiga doir ishlarni yaxshilash yo‘llari ham aniqlandi.

Mazkur masala yuzasidan senatorlar Hisob palatasi tadbirlarining ta’sirchanligi va samaradorligini oshirishga, moliyaviy qoidabuzarliklarni kamaytirish hamda barham toptirishga oid takliflar bildirdilar.

Parlament yuqori palatasi a’zolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2007 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti ham ko‘rib chiqildi. Shu narsa ta’kidlandiki, 2007 yilda yuritilgan qat’iy pul-kredit siyosati, shuningdek, bank tizimini yanada isloh etish va erkinlashtirish yuzasidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar inflatsiyani jilovlab turishga hamda moliya bozorini jadal rivojlantirishni rag‘batlantirishga, iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlarini saqlab turishga yordam berdi. Bank tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlari bilan belgilab berilgan ustuvor vazifalarini amalga oshirish jarayonida salmoqli natijalarga erishildi.

Senatorlar hisobotni tinglab, Markaziy bank va uning tarkibiy bo‘linmalarining bank tizimini isloh etish hamda erkinlashtirishga, inflatsiyani tizginlashga va mamlakat moliya bozorini rivojlantirishni rag‘batlantirishga qaratilgan faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy cudi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik cudi tarkibiga o‘zgartishlar kiritish haqidagi, O‘zbekiston Respublikasining Misr Arab Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi hamda O‘zbekiston Respublikasining Indoneziya Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi vazifasiga tayinlash to‘g‘risidagi masalalar ham senatorlar tomonidan ko‘rib chiqildi.

Yalpi majlisda hammasi bo‘lib o‘n beshta masala, shu jumladan yettita qonun ko‘rib chiqildi. Senatning o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi amaliy va konstruktiv ruhda o‘tdi. Majlis ishtirokchilari ko‘rib chiqilgan masalalarning mohiyatini, ularning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligi ostida mamlakatimizda olib borilayotgan bunyodkorlik islohotlarini amalga oshirishdagi, shu jumladan “Yoshlar yili” Davlat dasturini ro‘yobga chiqarishdagi ahamiyatini ta’kidladilar. Yangi qonunlarni targ‘ib etish va tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirish, huquqni qo‘llanish amaliyoti mexanizmini takomillashtirish zarur, degan fikr ham bildirildi. Ta’kidlandiki, bunday yondashuv mamlakatimizning demokratik davlat va ochiq fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lidan izchil ilgarilab borishiga, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari yanada to‘liqroq ta’min etilishiga yordam beradi.

O'zA
(“Xalq so'zi” gazetasi 2008 yil 1 iyul )

© O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati - Sayt dizayni Abror Musahonov