O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

O‘zbekiston Respublikasining 
Q O N U N I


Investitsiya faoliyati to‘g‘risida
(yangi tahriri)


1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi investitsiya faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
investitsiyalar — qonun hujjatlarida taqiqlanmagan tadbirkorlik faoliyati va boshqa turdagi faoliyat ob'ektlariga kiritiladigan moddiy va nomoddiy ne'matlar hamda ularga bo‘lgan huquqlar, shu jumladan intellektual mulkka bo‘lgan huquqlar, shuningdek reinvestitsiyalar;
investor — investitsiya faoliyati ob'ektlariga o‘z mablag‘larini investitsiya qilishni va boshqa investitsiya resurslarini jalb etishni amalga oshiruvchi investitsiya faoliyati sub'ekti;
investitsiya majburiyati — investitsiya loyihasida nazarda tutilgan muayyan maqsadlarga erishish uchun investorning o‘zi qabul qiladigan majburiyati;
investitsiya faoliyati — investitsiya faoliyati sub'ektlarining investitsiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq harakatlari majmui;
investitsiya faoliyati ishtirokchisi — investorning buyurtmalari bajarilishini ta'minlovchi investitsiya faoliyati sub'ekti;
reinvestitsiyalar — investitsiyalardan olingan, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan tadbirkorlik faoliyati va boshqa turdagi faoliyat ob'ektlariga kiritiladigan har qanday daromad, shu jumladan foyda, foizlar, dividendlar, royalti, litsenziya va vositachilik haqi, texnik yordam, texnik xizmat ko‘rsatish uchun to‘lovlar hamda boshqa shakldagi mukofotlar.

4-modda. Mo‘ljallangan ob'ektiga ko‘ra investitsiyalarning turlari

Investitsiyalar mo‘ljallangan ob'ektiga ko‘ra kapital, innovatsiya va ijtimoiy investitsiyalarga bo‘linadi.
Kapital investitsiyalarga asosiy fondlarni vujudga keltirish va takror ishlab chiqarishga, shu jumladan yangi qurilishga, modernizatsiyalashga, rekonstruksiya qilishga, texnik jihatdan qayta jihozlashga, shuningdek moddiy ishlab chiqarishning boshqa shakllarini rivojlantirishga kiritiladigan investitsiyalar kiradi.
Innovatsiya investitsiyalariga yangi yoki takomillashtirilgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni), ishlab chiqarish jarayonini, tadbirkorlik faoliyatini yuritishda yangi marketing uslubini yoki tashkiliy uslubni ishlab chiqish va o‘zlashtirishga kiritiladigan investitsiyalar kiradi.
Ijtimoiy investitsiyalarga inson salohiyatini, ko‘nikmalarini va ishlab chiqarish tajribasini oshirishga, shuningdek nomoddiy ne'matlarning boshqa shakllarini rivojlantirishga kiritiladigan investitsiyalar kiradi.

5-modda. Investitsiyalarni amalga oshirish shakllari

Investitsiyalarni amalga oshirish shakllari quyidagilardan iborat:
yuridik shaxslarni tashkil etish yoki ularning ustav fondlarida (ustav kapitallarida) ulushli ishtirok etish, shu jumladan mol-mulk va aksiyalar olish;
O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan emissiya qilingan qimmatli qog‘ozlarni, shu jumladan qarz majburiyatlarini olish;
konsessiyalarni, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirish, ishlab chiqish, qazib olish yoki ulardan foydalanishga bo‘lgan konsessiyalarni olish;
qonun hujjatlariga muvofiq mulk huquqini, shu jumladan intellektual mulk ob'ektlariga, shuningdek savdo ob'ektlari va xizmat ko‘rsatish sohasi ob'ektlariga, ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga, mulk huquqini olish;
yerga va boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish hamda ulardan foydalanish (shu jumladan ijara asosida) huquqini olish.
Investitsiyalar qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa shakllarda ham amalga oshirilishi mumkin.
Investitsiyalarning birlamchi yoki takroran kiritiladigan shakllari o‘zgartirilishi ularning investitsiya sifatidagi darajasi o‘zgarishiga olib kelmaydi.

6-modda. Investitsiya loyihasi

Investitsiya loyihasi — iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa yo‘sindagi foyda olish uchun investitsiyalarni amalga oshirishga qaratilgan o‘zaro bog‘liq tadbirlar majmuidir.
Investitsiya loyihasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
loyihalashtirishga texnik topshiriqni ishlab chiqish;
investitsiya loyihasining loyihalovchisini aniqlash;
loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish;
investitsiya loyihasini ro‘yobga chiqarish maqsadida ishlarni amalga oshirish texnologiyalarini, uskunalarini va uslublarini aniqlash;
moliyalashtirish manbalarini aniqlash;
investitsiya faoliyati ishtirokchilarini aniqlash;
investitsiya faoliyati ishtirokchilari va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa organlar bilan birgalikda loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish hamda kelishib olish, shu jumladan investitsiya loyihasining moliyaviy, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik foydasini baholash;
investitsiya loyihasini ro‘yobga chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
loyihaoldi va loyiha hujjatlarida nazarda tutilgan shartlarga, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq uskunalarni yetkazib beruvchini aniqlash va pudratchi tashkilotni tanlash;
investor va investitsiya faoliyati ishtirokchilari tomonidan investitsiya loyihasi bo‘yicha qabul qilingan majburiyatlar hamda erishilgan kelishuvlarni bajarish, shu jumladan moliyalashtirishni amalga oshirish, uskunalarni yetkazib berish, montaj qilish hamda ishga tushirish-sozlash, qurilish va montaj ishlarini bajarish, investitsiya loyihasini ro‘yobga chiqarishdan olingan foydani taqsimlash;
investor va investitsiya faoliyati ishtirokchilari hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa organlar tomonidan investitsiya loyihasi ro‘yobga chiqarilishining borishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan tadbirlarning amalga oshirilishi zaruriyati va ketma-ketligi investitsiya faoliyati sub'ektlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlanadi.

7-modda. Investitsiya resurslari

Investitsiya resurslariga quyidagilar kiradi:
pul va boshqa moliyaviy mablag‘lar, shu jumladan kreditlar, paylar, aksiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar;
ko‘char va ko‘chmas mol-mulk (binolar, inshootlar, uskunalar va boshqa moddiy qimmatliklar) hamda ularga bo‘lgan huquqlar;
intellektual mulk ob'ektlari, shu jumladan texnikaviy hujjatlar tarzida tuzilgan texnikaga, texnologiyaga, tijoratga oid va boshqa bilimlar, u yoki bu turdagi ishlab chiqarishni tashkil etish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalar va ishlab chiqarish tajribasi majmui, nou-xau;
yerga va boshqa tabiiy resurslarga, binolarga, inshootlarga, uskunalarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqi, shuningdek mulk huquqidan kelib chiquvchi boshqa ashyoviy huquqlar.
Investitsiya resurslariga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa qimmatliklar ham kiritilishi mumkin.

8-modda. Investitsiya faoliyati ob'ektlari

Qonun hujjatlarida taqiqlanmagan tadbirkorlik faoliyati va boshqa turdagi faoliyat ob'ektlari investitsiya faoliyati ob'ektlaridir.
Barpo etilishi va foydalanilishi qonun hujjatlarida belgilangan sanitariya-gigiena, radiatsiya, ekologiya, arxitektura-shaharsozlik talablariga va boshqa talablarga javob bermaydigan, yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan ob'ektlarga investitsiya kiritish taqiqlanadi.

9-modda. Investitsiya faoliyati sub'ektlari

Quyidagilar investitsiya faoliyati sub'ektlari (investorlar va investitsiya faoliyati ishtirokchilari) bo‘lishi mumkin:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari (jismoniy shaxslar), O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslar;
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari;
chet el davlatlari, chet el davlatlarining ma'muriy yoki hududiy organlari, xalqaro tashkilotlar hamda chet ellik yuridik shaxslar va fuqarolar, shuningdek fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar.
Investorlar qonun hujjatlariga muvofiq buyurtmachi (mablag‘ kirituvchi), kreditor, sotib oluvchi sifatida ish yuritishi, shuningdek investitsiya faoliyati ishtirokchisi vazifalarini bajarishi mumkin.
Investitsiya faoliyati ishtirokchilari investor bilan tuzilgan shartnoma asosida investorning buyurtmasini bajaruvchi sifatida ish yuritadi.

10-modda. Investorning huquqlari

Investor:
investitsiya kiritish hajmlarini, turlarini, shakllarini va uni amalga oshirish yo‘nalishlarini mustaqil ravishda belgilashga;
investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun, qoida tariqasida, tanlov (tender) savdolari natijalariga ko‘ra yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzishga;
o‘z investitsiyalariga hamda investitsiya faoliyati natijalariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etishga;
investitsiya faoliyati natijasida olingan daromadni soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langanidan keyin mustaqil va erkin tasarruf etishga;
mulk huquqi asosida o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkdan va har qanday mulkiy huquqlardan o‘z zimmasiga olgan barcha turdagi majburiyatlarining, shu jumladan qonun hujjatlariga muvofiq qarz mablag‘larini jalb etishga qaratilgan majburiyatlarining ta'minoti sifatida foydalanishga;
o‘z investitsiyalari va boshqa aktivlari rekvizitsiya qilingan taqdirda mutanosib ravishda kompensatsiya olishga;
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hamda ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) va qarorlari natijasida yetkazilgan zararlarni undirishga haqli.
Investor qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

11-modda. Investorning majburiyatlari

Investor:
qonun hujjatlariga muvofiq soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashi;
investitsiya kiritishi munosabati bilan o‘z zimmasiga olgan shartnoma majburiyatlarini bajarishi;
investitsiya loyihalarining sanitariya-gigiena, radiatsiya, ekologiya, arxitektura-shaharsozlik talablariga va boshqa talablarga rioya etilishiga taalluqli qismi bo‘yicha ekspertiza xulosasini olishi;
shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi tufayli investitsiya faoliyati ishtirokchisiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashi;
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘z vakolatlari doirasida qo‘yadigan talablarini bajarishi shart.
Investorning zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

12-modda. Investitsiya faoliyati ishtirokchisining huquqlari

Investitsiya faoliyati ishtirokchisi:
tanlov (tender) savdolarining ishtirokchisi bo‘lishga;
investorlar bilan ularning buyurtmalarini bajarish uchun shartnomalar tuzishga;
agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, investor oldidagi o‘z shartnoma majburiyatlarini bajarishga boshqa shaxslarni jalb etishga;
agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, investitsiya faoliyati ob'ektining haqiqiy qiymatini pasaytirish natijasida erishilgan tejamni mustaqil ravishda tasarruf etishga haqli.
Investitsiya faoliyati ishtirokchisi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

13-modda. Investitsiya faoliyati ishtirokchisining majburiyatlari

Investitsiya faoliyati ishtirokchisi:
qonun hujjatlarida belgilangan texnik jihatdan tartibga solish normalari, qoidalari va talablariga rioya etishi;
shartnomalarni o‘z vaqtida va lozim darajada bajarishi;
shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi tufayli investorga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashi;
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘z vakolatlari doirasida qo‘yadigan talablarini bajarishi;
mablag‘lardan belgilangan maqsadda foydalanishi;
litsenziyalanishi lozim bo‘lgan faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya olishi shart.
Investitsiya faoliyati ishtirokchisining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

14-modda. Investitsiya faoliyatida narx belgilash

Investitsiya faoliyati jarayonida tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati tanlov (tender) savdolari natijalariga ko‘ra, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali belgilanadi.
Investitsiya faoliyati sub'ekti bozorda ustun mavqyeni egallagan hollarda narxlar vakolatli davlat organi tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq tartibga solinadi.

15-modda. Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish

Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish:
investitsiya faoliyatining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish;
asosiy fondlarning jadal amortizatsiya qilinishi huquqini berish;
texnik jihatdan tartibga solish normalari, qoidalari va talablarini belgilash;
raqobatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralarni qo‘llash;
kredit siyosatini va narx belgilash siyosatini o‘tkazish;
yerga va boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish hamda ulardan foydalanish shartlarini belgilash;
investitsiya loyihalarini ekspertiza qilish mexanizmlarini belgilash;
O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturiga kiritilgan investitsiya loyihalarining ro‘yobga chiqarilishini monitoring qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish qonun hujjatlariga muvofiq boshqa yo‘llar bilan ham amalga oshirilishi mumkin.

16-modda. Investitsiya faoliyatini rag‘batlantirish

Davlat investitsiya faoliyatini quyidagi yo‘llar bilan rag‘batlantiradi:
investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun qulay investitsiya muhitini yaratish;
investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek faoliyat turiga va investitsiya hajmlariga qarab har bir alohida holat uchun belgilanadigan muddatlarga preferensiyalar berish;
erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish;
xalqaro shartnomalar tuzish.

17-modda. Markazlashtirilgan va markazlashtirilmagan investitsiyalar

Markazlashtirilgan investitsiyalar:
O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari mablag‘lari hisobidan;
O‘zbekiston Respublikasining kafolati ostida chet el investitsiyalari va kreditlarni, zayomlarni jalb etish hisobidan amalga oshiriladi.
Markazlashtirilgan investitsiyalarni boshqarish davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
Markazlashtirilgan investitsiyalar asosan mamlakat iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishlarida davlat maqsadli dasturlarini ro‘yobga chiqarishga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari doirasida ajratiladi.
Xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risidagi qarorlar O‘zbekiston Respublikasi bilan tuzilgan shartnomalar asosida qabul qilinadi.
Markazlashtirilmagan investitsiyalar quyidagilardir:
investorning o‘z mablag‘lari;
banklarning kreditlari, shu jumladan chet el banklaridan O‘zbekiston Respublikasining kafolatisiz olingan kreditlar;
to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari.
Markazlashtirilmagan investitsiyalar qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa manbalar hisobidan ham amalga oshirilishi mumkin.
Markazlashtirilmagan investitsiyalarni boshqarish investor tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.

18-modda. Investitsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha qarorlar qabul qilish

Markazlashtirilgan investitsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha qarorlar mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir taxminlar, ilmiy-texnikaviy va keng ko‘lamli davlat maqsadli dasturlari hamda ushbu investitsiyalarning maqsadga muvofiqligini aniqlovchi texnikaviy-iqtisodiy asoslarga binoan davlat organlari tomonidan qabul qilinadi.
Umumdavlat ahamiyatiga molik bo‘lgan keng ko‘lamli davlat maqsadli dasturlarining loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiyalar hajmlarini tasdiqlaydi.
Markazlashtirilmagan investitsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha qarorlar investor tomonidan mustaqil ravishda qabul qilinadi.

19-modda. Investitsiyalarni joylashtirish

Markazlashtirilgan investitsiyalarni joylashtirish, qoida tariqasida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida tanlov (tender) savdolari natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.
Markazlashtirilmagan investitsiyalarni joylashtirish belgilangan tartibda investor tomonidan amalga oshiriladi.

20-modda. O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi

O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan mamlakat iqtisodiyotini barqaror va izchil rivojlantirishga erishishga, mavjud tabiiy, mineral-xom ashyo, moliyaviy, moddiy va mehnat resurslaridan oqilona foydalanish yo‘li bilan mamlakatning ayrim tarmoqlari va mintaqalarini tuzilmaviy qayta tashkil etish bo‘yicha asosiy ustuvor yo‘nalishlar hamda strategik vazifalarni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini o‘z ichiga olgan, o‘zaro bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan choralar majmuidir.

21-modda. Investitsiya loyihalarining ekspertizasi

O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari mablag‘lari hisobidan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining kafolati ostida chet el investitsiyalarini jalb etgan holda moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda majburiy davlat ekspertizasidan o‘tkazilishi shart.
Boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarining sanitariya-gigiena, radiatsiya, ekologiya, arxitektura-shaharsozlik talablari va boshqa talablar bajarilishiga taalluqli qismi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan o‘tkazilishi lozim.
Kichik tadbirkorlik sub'ektlarining banklar kredit resurslari hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari mazkur investitsiya loyihalarini amalga oshirishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida tijorat banklari tomonidan ekspertiza qilinishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari doirasida ro‘yobga chiqariladigan investitsiya loyihalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ekspertiza qilinishi lozim.

22-modda. Investitsiya fondlari

Investitsiya faoliyatini amalga oshirish maqsadida tegishli investitsiya fondlari tuzilishi mumkin.

23-modda. Investitsiya faoliyati sub'ektlari huquqlarining kafolatlari

Davlat investitsiya faoliyati sub'ektlarining huquqlarini kafolatlaydi. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari investitsiya faoliyati sub'ektlarining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
Agar davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari investitsiya faoliyati sub'ektlarining faoliyatida qonun hujjatlari buzilganligini aniqlasa, ular o‘zlari vakolatli bo‘lgan va aniq qoidabuzarlikni bartaraf etish bilan bevosita bog‘liq choralarni ko‘rishi mumkin. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari qoidabuzarlik mavjudligi faktidan investitsiya faoliyati sub'ektlarining boshqa qonuniy faoliyatiga aralashish yoki faoliyatini cheklash uchun asos sifatida foydalanishi mumkin emas.
Ushbu moddaning qoidalari xalqaro huquqning umume'tirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiq belgilanadigan, O‘zbekiston Respublikasining milliy xavfsizligini ta'minlash bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan qonun hujjatlarini qabul qilish, ularga o‘zgartishlar, qo‘shimchalar kiritish yoki ularni bekor qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

24-modda. Investitsiyalarni himoya qilish

Davlat investitsiyalarning himoya qilinishini kafolatlaydi.
O‘zbekiston Respublikasida investitsiyalar va investorlarning boshqa aktivlari natsionalizatsiya qilinmaydi.
Investitsiyalar va investorlarning boshqa aktivlari rekvizitsiya qilinmaydi, tabiiy ofatlar, avariyalar, epidemiyalar, epizootiyalar va favqulodda xususiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlar bundan mustasno.
Investitsiyalarni rekvizitsiya qilish to‘g‘risidagi qaror:
ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan hollardan kelib chiquvchi vazifalarni hal etish uchun zarur bo‘lgan investitsiyalarning yoki investorlar boshqa aktivlarining eng kam miqdori bilan cheklanadigan;
kamsitilmaydigan asosda va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladigan;
yetkazilgan zararga mutanosib ravishda kompensatsiya to‘lanadigan rekvizitsiya bo‘yicha talablarga rioya etilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi. Davlat mazkur kompensatsiya to‘lovlari o‘z vaqtida amalga oshirilishiga kafil bo‘ladi.
Investor investitsiyalarni rekvizitsiya qilish to‘g‘risidagi qaror yuzasidan sud tartibida nizolashishga haqli.
Investitsiyalarni va investorlarning tavakkalchiliklarini sug‘urtalash ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

25-modda. Mablag‘lardan foydalanish kafolatlari

Investitsiya faoliyati sub'ektining investitsiya faoliyati natijasida olingan foydasi (daromadi) soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langanidan keyin uning xohishiga ko‘ra reinvestitsiya qilinishi yoki undan boshqa har qanday usulda foydalanilishi mumkin.
Investitsiya faoliyati sub'ekti tomonidan olingan qimmatli qog‘ozlar, uning maqsadli bank omonatlari, shuningdek olingan mol-mulkning qiymati yoki ijara uchun to‘lovlarning o‘rni ular olib qo‘yilgan (rekvizitsiya qilingan) hollarda, ushbu sub'ektga qonun hujjatlariga muvofiq qoplanadi (kompensatsiya qilinadi).
Investitsiya faoliyati sub'ektining hisobvaraqlaridan foydalanishni cheklab qo‘yish yoki mablag‘larni majburan olib qo‘yish qonunda belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin.

26-modda. Investitsiyalarning qo‘shimcha kafolatlari va ularni himoya qilish choralari

Investitsiyalarning qo‘shimcha kafolatlari va ularni himoya qilish choralari O‘zbekiston Respublikasi tomonidan kafolatlar berishni, investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda ko‘maklashishni, maxsus soliq va to‘lov rejimi yaratilishini, investitsiya loyihalari ro‘yobga chiqarilishining davlat monitoringi o‘tkazilishini va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa choralarni o‘z ichiga olishi mumkin.
Investitsiyalarning qo‘shimcha kafolatlari va ularni himoya qilish choralari investitsiya faoliyati sub'ektlariga qonun hujjatlariga muvofiq beriladi.

27-modda. Ochiq axborotdan erkin foydalanish

Investitsiya faoliyati sub'ektlari manfaatlariga muayyan tarzda daxldor bo‘lgan umummajburiy xususiyatga ega qonun hujjatlari ular uchun erkin foydalanishda bo‘lishi lozim.
Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari investitsiya faoliyati sub'ektlarining o‘z investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan axborotni ularning so‘rovlariga ko‘ra, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda taqdim etishi shart.

28-modda. Investitsiya faoliyatini cheklash, to‘xtatib turish yoki tugatish

Investitsiya faoliyatini cheklash, to‘xtatib turish yoki tugatish investorning qaroriga, vakolatli davlat organining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qabul qilingan qaroriga yoki sudning qaroriga ko‘ra amalga oshirilishi mumkin.
Investitsiya faoliyatini cheklash, to‘xtatib turish yoki tugatish to‘g‘risidagi qaror:
investor qonunda belgilangan tartibda bankrot deb e'lon qilingan yoki bankrot deb topilgan;
favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan;
qonun hujjatlarida belgilangan sanitariya-gigiena, radiatsiya, ekologiya, arxitektura-shaharsozlik talablari va boshqa talablar, yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan holatlar investitsiya faoliyati davomida aniqlangan hollarda qabul qilinishi mumkin.
Investitsiya faoliyatini tadbirkorlik sub'ekti faoliyatini to‘xtatib turishga yoki tugatishga olib keladigan tarzda cheklash, to‘xtatib turish (favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sog‘lig‘i uchun boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bog‘liq holda investitsiya faoliyatini o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga cheklash, to‘xtatib turish hollari bundan mustasno) yoki tugatish sud tartibida amalga oshiriladi.
Ushbu modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisida ko‘rsatilgan hollarda investitsiya faoliyati sub'ektiga yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplash tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.

29-modda. Nizolarni hal etish

Investitsiya faoliyatini amalga oshirish davomida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

30-modda. Investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilgan taqdirda, investitsiya faoliyati sub'ekti o‘ziga yetkazilgan zararning, shu jumladan boy berilgan foydaning o‘rni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanishini talab qilish huquqiga egadir.

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati